Gazodada sulh e'lon qilingan bo'lsa-da, bolalar orasidagi ocharchilik davom etmoqda. UNICEFning xabar berishicha, oktabr oyidan buyon 9300 nafar bola o'tkir to'yib ovqatlanishmaslik sabab shifoxonalarga yotqizilgan.
Tashkilot vakili Tess Ingramning aytishicha, bu raqamlar hali ham hayratlanarli darajada yuqori va yordam oqimi keskin yetishmayapti.
UNICEF Gazoga gumanitar yuk kirishi biroz yengillashganini tasdiqlagan bo'lsa-da, cheklovlar saqlanib qolmoqda: yuk mashinalarining chegarada ushlab turilishi, yo'laklarning yopilishi va xavfsizlik bilan bog'liq muammolar yordam ko'lamini qisqartirmoqda.
Hududda ticaratb mahsulotlari ham deyarli yo'qligi aytilmoqda. Masalan, go'shtning 1 kilogrammi 20 dollardan oshgani bois ko'p oila uchun uni xarid qilish imkonsiz bo'lib qolgan.
BMT avvalroq yarim millionga yaqin inson ocharchilik sharoitida yashayotgani, urush davom etar ekan, bolalarning sog'lig'iga etadigan zarar uzoq muddatli bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.






