2025 yil 11 dekabr kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energetika tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Deputatlar vazir hisobotidan so‘ng, elektr energiya tarmoqlari qish mavsumiga tayyormi, degan savol bilan murojaat qildi.
Bugungi kunda tarmoqlar to‘liq tayyor emas. Birinchi o‘rinda magistral tarmoqlar. Mana hozir 2025 yilning o‘zida taqsimlash tarmoqlariga 2 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtiriladi. Lekin magistral tarmoqlarga uzoq muddat e‘tibor bermaganmiz. Chunki xuddi generatsiyaga o‘xshab yetarli deb yurilgan. Prezidentimiz alohida topshiriq berdilarki, magistral tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qilindi. 5 ming kilometr yangi tarmoqlar quriladi”, dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 220-500 kVtli eng yuqori kuchlanishga ega liniyalar hisoblanadi.
2025 yilning oktabr oyi oxirida energetika vaziri O‘zbekiston to‘liq elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga egaligi va qishda hech qanday cheklovlar kutilmagani haqida ma’lum qilgandi. U o‘shanda ham asosiy muammolar 40 yildan ortiq vaqt davomida xizmat qilib kelayotgan elektr tarmoqlarining eskirishi bilan bog‘liqligini ta’kidlagan edi.






