Bugun, 13 dekabr kuni soat taxminan 16:30 larda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hududidan o‘tuvchi M-34 “Toshkent–Dushanbe” avtomobil yo‘lining 10 km da yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1984 yilda tug‘ilgan haydovchi “Yangiyo‘l–Toshkent” yo‘nalishida “XCMG” rusumli yuk avtomobilini boshqarib ketayotgan vaqtida, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 1980 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtobusning orqa yon qismiga urilib ketgan.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida avtobusda bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchiga tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






