Farg‘ona viloyat sudlari xabariga ko‘ra, Qo‘qon shahar sudi 17 dekabr kuni xalq tabobati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro I.S.ga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘lladi.
U O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomaning amal qilish muddati tugaganiga qaramay faoliyat olib borgani aniqlandi.
Sud I.S.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasining 3-qismi — xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda aybli deb topdi.
Qayd etilishicha, sud qarori ustidan belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish mumkin.






