Oliy Majlis yig‘ilishida Favqulodda vaziyatlar vaziri B. Qudratxo‘jayevning aytishicha, yil boshidan beri yong‘inlar oqibatida 67 nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana 102 kishi kuyish va turli tan jarohatlari olgan.
Vazir ma’ruzasida yong‘inlar fonida iqtisodiyot ob’yektlari va tashkilotlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati kuchaytirilgani qayd etildi. Joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan 323 mingdan ortiq korxona va tashkilotning 79 mingdan ziyodida tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar yakunida 51 ming 824 nafar mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, jarimalar umumiy summasi 31,8 milliard so‘mdan oshgan. Shuningdek, yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan 22 mingdan ortiq bino va inshoot faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 112 mingdan ziyod nosoz elektrom manbalari o‘chirib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, profilaktika tadbirlari doirasida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish va yo‘riqnomalarda 9 millionga yaqin aholi ishtirok etgani bildirildi.






