AsosiyJamiyat

Advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi

Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 3 nafar advokat pora olish bilan bog‘liq jinoyatlarda qo‘lga olindi.

'Advokatlarning noqonuniy harakatlari fosh etildi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent, Samarqand hamda Guliston shaharlarida faoliyat yuritib kelgan uch nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Xususan, Toshkent shahrida muqaddam sudlangan advokat jinoyat ishi bo‘yicha sud tizimidagi tanishlari orqali ayblovlarni yengillatib berish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. U shundan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati sud ishlarida “yordam berish” bahonasida 4 ming AQSh dollari olgan paytda ushlangan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokat 450 million so‘mlik dori vositalarini olib, pulini bermagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdirib berish evaziga 1500 AQSh dollari olgan vaqtida fosh etilgan.

Ayni vaqtda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmogda.

    Boshqa yangiliklar