Xorazm viloyatida IIV Tezkor qidiruv xizmati xodimi qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurishga ruxsat olib berishni va’da qilib, mansabdor tanishlari orqali fuqarodan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtda qo‘lga olindi.
Ushbu holat Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan fosh etildi. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Farg‘ona viloyatida esa Buvayda tumanida yashovchi ikki shaxs davlat tomonidan imtiyozli shartlarda dehqonchilik uchun ajratilgan 3 gektar yerni boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 115 mln so‘m talab qilgan.
Ular 9500 AQSH dollari va 700 ming so‘m olgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi. Mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmogda.






