AQShning prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 19–23 yanvar kunlari Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida 800 mlrd dollarlik bitimni imzolashi mumkin. Kelishuv 10 yil davomida Ukrainani tiklash va iqtisodiyotni oyoqqa qo‘yish uchun sarmoya jalb etishni nazarda tutadi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, dastlab Zelenskiy kelishuvni yakunlash uchun Oq uyga borishni rejalashtirgan, ammo Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari uchrashuvni Davosda o‘tkazish taklifini ilgari surgan.
Ma’lum qilinishicha, bitimning asosiy qismi foydali qazilmalar, xususan nodir yer elementlari bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, amerikalik investorlar Ukrainadagi konchilik loyihalarida imtiyozli huquqlarga ega bo‘ladi. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff mazkur kelishuvni ijobiy baholagan.
Shu bilan birga, Ukraina AQSh bilan "nol bojlar" siyosatiga asoslangan erkin savdo kelishuvi tuzish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. Bu haqda prezident Zelenskiy Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, bunday kelishuv Ukrainaga mintaqada iqtisodiy jihatdan ustunlik berishi mumkin.






