Donald Trump Eron bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan barcha davlatlarga nisbatan qat'iy savdo choralarini e'lon qildi. Bu haqda Zamon.uz ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror darhol kuchga kiradi hamda u bo'yicha hech qanday istisnolar yoki apellyatsiya mexanizmlari nazarda tutilmagan.
Eronning asosiy savdo hamkorlari qatoriga Hindiston, Xitoy va Turkiya kiradi. Mazkur davlatlar yangi tariflar tufayli AQSh bilan savdo munosabatlarida sezilarli iqtisodiy bosimga duch kelishi mumkin.
Yangi savdo choralariga keskin siyosiy ritorika hamrohlik qilmoqda. Avvalroq Donald Trump Oq uy va AQSh harbiy doiralari Erondagi norozilik namoyishchilarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha turli stsenariylarni tahli qilayotganini bildirgan edi. U, shuningdek, Eron muxolifati vakillari bilan aloqada ekanini ham ta'kidlagan.
Prezident matbuot kotibi Kerolin Livittning ma'lum qilishicha, Trump ma'muriyati Erondagi norozilik namoyishlarining zulm bilan bostirilishi fonida barcha ehtimoliy choralarni ko'rib chiqmoqda. Shu bilan birga, u diplomatiya AQSh prezidentining ustuvor va birinchi tanlovi bo'lib qolayotganini qayd etdi.






