O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zga chiqdi.
Davlat rahbari mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahli qilish, milliy armiya salohiyatini izchil mustahkamlab borish bugungi kun talabi ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga har doim tayyor turishi, buning uchun esa tezkor, yuqori texnologiyali va yangi jang sharoitlariga mos bo‘lishi lozim.
Yig‘ilishda qo‘shinlarni sun’iy intellektga asoslangan robotlashtirilgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha hamda razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Mutasaddidlarga shaxsiy ma’lumotlar va raqamli tizimlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.






