Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida noma’lum shaxs Ichki ishlar bosh boshqarmasining “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilgani haqidagi audiolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan fuqaroning shaxsi aniqlandi, u ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2026 yil 7 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida ko‘rib chiqilgan ishda fuqaro A.K. 6 yanvar kuni mast holatda “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirgani ma’lum bo‘lgan.
Sud fuqaroni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 199-moddasiga asosan aybli deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari — 1 million 236 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.






