AQShning Arktika mintaqasiga da'volari kuchayib borayotgan bir paytda NATOga a'zo uch davlat — Germaniya, Shvetsiya va Norvegiya Grenlandiyaga harbiy xizmatchilar yuborishini ma'lum qildi. Bu haqda 14 yanvar kuni "DW" xabar berdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, harbiylar 15–17 yanvar kunlari razvedka missiyasi doirasida orolga etib boradi. Missiyaning asosiy maqsadi mintaqada xavfsizlikni ta'minlash imkoniyatlarini o'rganish va Daniyani, xususan, dengiz kuzatuvi sohasida qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Germaniya missiyaga 13 nafar askar, Norvegiya 2 nafar, Shvetsiya esa aniq soni oshkor etilmagan bir nechta ofitser yuborishi aytilgan. Operatsiya Daniya tomonidan nazorat qilinayotgani va AQSh bilan muvofiqlashtirilmaganligi ta'kidlanmoqda.
Bu qaror Vashingtonning Grenlandiya bo'yicha da'volari fonida qabul qilindi. AQSh prezidenti Donald Trump Arktikada Rossiya va Xitoy faolligi ortib borayotgan sharoitda Grenlandiya AQSh milliy xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega ekanini bir necha bor bildirgan.






