Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi ma’lum qilishicha, jamoatchilik eshituvi 23 yanvar kuni Bo‘stonliq tumani hokimiyati binosida tashkil etiladi. Muhokamada loyihaning rejalashtirish yechimlari, havo, suv va tuproqqa ta’siri, chiqindilar bilan ishlash, yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlik choralari ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turistik markazi loyihasi 2024 yil dekabr oyida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov tomonidan taqdim etilgan. Loyiha doirasida Chorvoq suv ombori sohilida dam olish hududlari, plyajlar, mehmonxonalar, turar joy majmualari, savdo va umumiy ovqatlanish maskanlarini barpo etish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 10 milliard dollargacha baholangan.
Avvalroq Vazirlar Mahkamasi Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish shartlarini belgilab, 577 gektar yer maydonini 25 yil muddatga ijaraqa berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Ekologiya vazirligi loyiha doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish talablari ustidan doimiy nazorat olib borilishini ma’lum qilgan.






