Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida “Antikorruptsiya” nashrining Farg‘ona viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri Elyor Tojiboyevga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda viloyat sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud Tojiboyevni tuhmat, haqorat, tovlamachilik, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish, hujjatlarga shikast yetkazish hamda yolg‘on axborot tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topdi. Jazolar qo‘shilib, unga 3 yil 10 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Biroq, Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalariga asosan, avvalgi ish bo‘yicha shartli ozodlik bekor qilinib, Tojiboyev 4 yil muddatga qattiq tartibli koloniyaga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lumot uchun, u 2021-yilda ham sudlanib, manzil-koloniyda jazo o‘tayotgan edi. “Antikorruptsiya” nashri esa usbu ish yuzasidan sud jarayonlari cho‘zilganini va jurnalist o‘z huquqlari buzilayotgani haqida bir necha bor shikoyat qilganini ma’lum qilgan.






