“Qonundagi o‘g‘ri — Baxti Toshkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Bekzod Zafarov IIV tomonidan e’lon qilingan “So‘nggi pushaymon” ko‘rsatuviga bergan intervyu berdi.
Esingizda bo‘lsa, 2024 yilning 19 iyul sanasida sud hukmi bilan 40 dan ortiq epizod bo‘yicha JKnining 7 ta moddasi doirasida ayblanib, Baxtiyor Qudratullayev 20 yil muddatga, uning o‘g‘illari — Ixtiyor Qudratullayev 9 yilga, Bekzod Zafarov esa 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Ikki yildan buyon panjara ortida o‘tirgan mahkumning OAVga bergan intervyusini Ichki ishlar vazirligi ommaga taqdim qildi. Intervyuda Bekzod Zafarov otasining kasbini egallash haqida xom xayollarga borgani haqida berdi.
“Otamning yo‘nalishlarini ushlayman, otamning shu kasbini egallayman degan xayollarda yurgan edim. Endi bu o‘ylaganlarimning hammasi katta xato ekan”, — deydi u.
Mahkum intervyu davomida koloniyaga kelganiga bir yil bo‘lganini va u yerda xo‘jalik ishlariga, qurilishlarga qarashib turganini aytib o‘tgan. Qolgan payt esa ishlab chiqarish korxonasiga ishga chiqishini, bu yerda payvandchilik, temir-tersak bilan ishlashinr ham qo‘shimcha qilgan.
"Bir yil oldingi hayotim bilan hozirgi hayotim ancha farqli. Bu yerda Bekzodmisan, Bekmisan, kim bo‘lsang ham, hamma uchun qonun bir. Jinoyat olamining taniqli shaxslariga, jinoyat olamiga o‘zi hech kim ergashmasin. Bu narsadan hech qanaqa foyda yo‘q. El-yurtning, ota-onaning xizmatida bo‘lsin, mahallaga, hamma shu jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lsin. Shu narsani men tushunib yetdim”, dedi Bekzod Zafarov.
Mahkum oilasi, farzandlarini sog‘inayotganini aytdi:
“Qamalib, odam boshiga tushganda nimalar yo‘qotganini tushunar ekan. Farzandlarim ikki nafar. Katta o‘g‘lim keyingi yil maktabga chiqadi. “Tezroq keling, sizni sog‘indim”, dedi. Shu gaplari hali hamon hayolimdan ketmaydi. Tunda ko‘zlarimni yumib yotganimda bolalarim, oilam tushimga kirib chiqadi. O‘zimning shu maktabga chiqayotgan paytlarimni eslab, hozirgi kunda o‘g‘limni birinchi sinfga, birinchi qo‘ng‘iroqqa olib chiqolmayotganim, ota-onalar majlisida ishtirok eta olmasligimdan pushaymonman. Farzandlarimga yaxshi o‘rnak bo‘lib, oldida suyangan to‘gi bo‘la olmayotganim alam qiladi, odamga. Shu narsalardan afsusdaman. Qizimning mana tili chiqib, har xil shirin qiliqlari paydo bo‘layotgan paytda shu narsalarni ko‘ra olmayapman. Shu narsalarni o‘tkazib yoboryapman. Oila — bu muqaddas”.
“Shuni tushunib yetdimki, hibsxonada osh yeb, idish-tovoqlaringiz tilladan bo‘lgandan ko‘ra, ko‘chada oila davrasida bir burda non yeb yurganingiz ming marta afzalroq ekan", — deydi mahkum suhbat davomida.






