Sudlanuvchi R.S 2021 yil 2 oktyabr kuni ishlash maqsadida Rossiyaga borib, 2022 yilning yanvar oyida psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganligi sababli 2023 yil avgust oyida RF JKning 228-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aylli deb topilib, unga nisbatan 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
2024 yilning sentyabr oyida RF Mudofaa Vazirligi harbiy xizmatchilari R.S. jazo muddatini o‘tab kelayotgan RFning Neviansk shahrida joylashgan jazoni ijro etish muassasasiga kelib, jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarga "Rossiya-Ukraina" o‘rtasidagi urushda ishtirok etish uchun bir yillik shartnoma imzolash evaziga ularni afv etish, oyiga 200 000 rubl maosh to‘lanishini va RF fuqaroligi berilishini taklif qilishgan.
Shundan so‘ng R.S. ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ozod bo‘lishdan iborat bo‘lgan shaxsiy manfaatini ko‘zlab, RF tarafini olib, Ukrainaga qarshi qurolli to‘qnashuvda qatnashish uchun 2025 yil 4 yanvar kuni RF Mudofaa Vazirligi bilan bir yillik shartnomani imzolab, 5 yanvar kuni boshqa mahbuslar bilan birga Ukraina davlatining Donetsk viloyati Metalist qishlog‘ida joylashgan RF Mudofaa Vazirligiga qarashli dala poligoniga borib, u yerda 10 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. U RF Qurolli Kuchlari tarkibida "oddiy askar" harbiy unvonini olib, "moto‘qchi" lavozimida, shartli "Saydul" "pozivnoy"i ostida xizmat qilishga kirishgan.
2025 yil 15 yanvar kuni harbiy tayyorgarliklar yakuniga yetganidan so‘ng R.S boshqa harbiy xizmatchilar bilan birgalikda Ukraina davlati hududida joylashgan Zverova qishlog‘i yo‘nalishida harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun safarbar qilingan va Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish davomida, 16 yanvar kuni Ukraina harbiylari tomonidan amalga oshirilgan hujum natijasida tanasining turli qismlaridan jarohat olib, 24 yanvar kunidan 21 mart kunigacha harbiy gospitalda davolangan.
Shundan so‘ng R.S. 2025 yilning 21 mart kuni Yekaterinburg shahridagi harbiy gospitaldan qochib, O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga murojaat qilib, elchixonadan 604201-sonli vatanga qaytish guvohnomasini olib, ushbu guvohnoma bilan 2025 yil 28 mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi R.S. JKning 154-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aylli deb topildi. Unga shu modda bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 3 yil 6 oy muddatga ishlash, shuningdek ish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklashdan iborat ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






