O‘zbekistonda 2025 yil yakunlari bo‘yicha uy-joy ol-di-sotdi shartnomalari soni 295 mingtani tashkil etib, 15 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Markaz tahlliliga ko‘ra, poytaxt respublika bo‘yicha uy-joy ol-di-sotdi bitimlarining qariyb 30 foizini shakllantirgan. Yil davomida Toshkentda savdo hajmi 18,2 foizga oshib, 84 mingga yaqin bitim qayd etilgan.
Poytaxtning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi mo‘‘tadil bo‘ldi. 2025 yil davomida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 0,6 foizga oshib, 1100 dollardan yuqori darajada shakllandi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda narxlar pasaygani ham kuzatildi — xususan, Mirzo Ulug‘bek va Chilanzor tumanlarida uy-joy qiyati taxminan 5 foizga kamaygan.
Birlamchi uy-joy bozorida esa vaziyat boshqacha keldi. Yangi qurilgan uy-joylar segmentida narxlar ancha tezroq o‘sdi va yil yakunlariga ko‘ra o‘rtacha 9 foizdan ortiq oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirabod (18 foiz), Yashnobod (14 foiz) hamda Mirzo Ulug‘bek (13,5 foiz) tumanlarida qayd etildi, bu hududlarda yangi loyihalarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib qolmoqda.
Toshkent shahrida ijara bozori ham barqaror o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi. Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy hududlarida shakllandi. Shayxontohur, Mirabod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 11 dollar darajasida qayd etildi.
Shu bilan birga, ijara narxlarining o‘sish sur’ati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida nisbatan tez bo‘lib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish taxminan 11 foizni tashkil etdi.






