Xitoyda Myanma shimolidagi faoliyat yuritgan jinoyiy guruhlar bilan aloqador 11 nafar shaxsga nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Bu haqda 29 yanvar kuni The Asahi nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sud hukmi sharqiy Chjetszyan provinsiyasining Venchjou shahrida ijro etilgan. Rasmiylar qatl etilgan shaxslarning kimligi va jinoyat tafsilotlarini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, BBC ularning Min mafiya oilasi a’zolari bo‘lganini aniklagan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Xitoy Janubi-Sharqiy Osiyoda faoliyat yuritayotgan onlayn firibgarlik markazlariga qarshi kurashni kuchaytirib, Tailand, Myanma va Kambodja bilan hamkorlikni kengaytirgan. Bu choralar natijasida minglab jinoyatda gumon qilingan shaxslar Xitoyga qaytarilgan.






