Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Namangan shahrida faoliyat yurituvchi ikki konsalting firma vakili ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, holatlardan birida konsalting firma rahbari mahalliy fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 10 ming AQSh dollarini talab qilgan va oldindan 1,5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Yana bir holatda esa boshqa firma ish yurituvchisi fuqaroni Latviyaga ishga jo‘natish bahonasida 2 ming AQSh dollarini olgan paytida ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Fuqarolar xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirildi.






