AQSh Erondagi o‘z fuqarolarini mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqda AQShning Erondagi elchixonasi rasmiy ogohlantirish e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hozirda Eronda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, ayrim yo‘llar yopilgan, jamoat transporti faoliyati izdan chiqqan hamda internet aloqasi cheklangan.
Elchixona Eron hukumat mobil va statsionar aloqa hamda milliy internet tarmoqlariga kirishni cheklashda davom etayotganini bildirgan.
Shuningdek, aviakompaniyalar Eronga va Erondan parvozlarni cheklayotgani yoki bekor qilayotgani qayd etilgan. AQSh fuqarolariga, agar xavfsiz bo‘lsa, Erondan quruqlik orqali Armaniston yoki Turkiya tomon tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.
Elchixona hozircha mamlakatdan chiqib keta olmayotgan fuqarolarga xavfsiz joy topish, oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini tayyorlab qo‘yish, mahalliy OAVni kuzatib borish hamda yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lishni maslahat bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 yanvar kunida ham AQSh Davlat departamenti Eronda yuz bergan norozilik namoyishlari sababdan mamlakatda bo‘lib turgan amerikaliklarni zudlik bilan hududni tark etishga undagan edi.






