Italiya rasmiylari Olimpiya o‘yinlarining birinchi kuni temir yo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters nashri mamlakat transport vazirligiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya mamlakatning turli hududlarida uchta alohida holatni aniqlagan. Ushbu hodisalar tezkor, shaharlararo va mintaqaviy poezdlarni qatnovida 2,5 soatgacha kechikishlarga olib kelgan. Marke viloyatidagi Pesaro shahri yaqinida temir yo‘l qurilmasiga o‘t qo‘yilgan, Bolonyada esa poezdlarni tezligini o‘lchashda foydalaniladigan elektr kabellari kesib tashlangan.
Shuningdek, Bolonya—Padua yo‘nalishidagi qurilmada qo‘lbomba portlovchi moslama zararsizlantirilgan.
Italiya transport vazirligi mazkur voqealarini 2024 yilda Parizda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish kuni Fransiyaning yuqori tezlikdagi temir yo‘l tarmog‘iga uyushtirilgan hujumlar bilan taqqoslagan.






