Qonunchilikka ko‘ra, kengash raisi odil sudlovga to‘sqinlik qilayotgan omillar hamda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurash holati yuzasidan Prezidentga har yili hisobot taqdim etadi. Davlat rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashishda "favqulodda holat" e’lon qilingani bois, sud tizimi bu borada namuna bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda 135 nafarb nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan, 286 nafar sudya qayta tayinlangan hamda 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirilgan. Shu bilan birga, 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, 19 nafari qasamyod va odob kodiksini buzganlik uchun lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar sudya jinoyiy javobgarlikka tortilgan. 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Sudlar faoliyatiga aralashuv holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturasiga 5 ta taqdimnoma kiritingan. Shuningdek, 6 mingdan ortiq buyruq o‘rganilib, 231 ta buyruqda sudyalarga odil sudlovga daxldor bo‘lmagan vazifalar yuklatilgani aniqlandi, bartaraf etilgan.
Yig‘ilishda "sud ma’murchiligi" institutini joriy etish, sudyalar intizomiy hay’atini tashkil qilish, sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish, sud apparatida kompleks nazoratini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ilgari surildi. Shuningdek, sud tizimida gender tenglikni ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi.
Prezident bildirgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish yuzasidan tavsiyalar berdi.






