17 fevral kuni Pokistonning Hayber-Paxtunxva viloyati Bajaur tumanida joylashgan nazorat punktiga hujum uyushtirildi. Bu haqda The Hindu nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida 11 nafar xavfsizlik xodimi va bir nafar bola halok bo‘lgan. Yana yetti kishi, jumladan, ayollar va bolalar turli darajada jarohat olgan.
Pokiston armiyasining Xizmatlaro jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, hujum avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma yordamida amalga oshirilgan. Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina nazorat punkti devoriga urilib, kuchli portlash sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hujumni Pokiston Tolibon harakati a’zolari sodir etgan. Xavfsizlik kuchlarining javob amaliyoti davomida 12 nafar hujumchi zararsizlantirilgan.
Asif Ali Zardoriy hujumni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, Shahboz Sharif ham bayonot berib, terrorchilikka qarshi kurash davlatning ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidladi.






