Eronning Isroil hududiga uyushtirgan navbatdagi raketa hujumlaridan so‘ng halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu omma oldida ko‘rinish berdi. Bu haqda The Jerusalem Post ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Netanyaxu sobiq bosh vazir Naftali Bennet va muxolifat yetakchisi Yair Lapid bilan birga Bayt-Shemesh shahrida Isroil–AQSh qo‘shma operatsiyasi yuzasidan xavfsizlik bo‘yicha yopiq uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish masalasi muhokama qilingan.
Bosh vazir jurnalistlarga bergan intervyusida operatsiya qat’iy davom etishini ta’kidlab, bu kurash nafaqat Isroil, balki butun insoniyat xavfsizligi uchun muhim ekanini aytgan. "Eron xalqi zulm bo‘yinturug‘ini yechib yuboradigan kun yaqinlashmoqda. Bu insoniyat uchun kurash", degan u.
Naftali Bennet esa har bir zarba Eronning yillar davomida shakllangan harbiy infratuzilmasini zaiflashtirishga qaratilganini bildirib, Isroil fuqarolarini qat’iyatli bo‘lishga va xavfsizlik qoidalariga amal qilishga chaqirgan.






