Ma'lumotlarga ko'ra, AQShning Illinoys va Indiana shtatlariga kuchli bo'ron hamda tornado yopirilgan. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Qayd etilishicha, tabiiy ofat ayrim hududlarda uy-joylarga jiddiy zarar yetkazgan. Xususan, Chikago shahri janubida favqulodda xizmatlar ko'plab qo'ng'iroqlar tufayli kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda. 10 mart kuni yuz bergan bo'ron oqibatida o'n nafarga yaqin odam jarohat olgan.
Shuningdek, kuchli shamol daraxtlarni qulatib, elektr uzatish liniyalariga zarar yetkazgan. Leyk-Villij shahrida esa mahalliy Family Dollar do'koni va yoqilg'i quyish shoxobchasi vayron bo'lgan.
AQSh Milliy meteorologiya xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'rta G'arbning ayrim hududlarida kuchli tornado, vayronkor shamollar va yirik do'l kuzatilgan. 11 mart kuni ertalab Kentucky va Ogayo shtatlarining ayrim hududlarida ham tornado xavfi haqida ogohlantirish berilgan.
Mahalliy hukumat aholiga yaqinlardan xabar olib turish hamda zarur bo'lmasa safarga chiqmaslikni tavsiya qilgan. Avvalroq, 6 mart kuni Michigan va Oklahoma shtatlarida yuz bergan tornadolar oqibatida olti kishi halok bo'lgandi.






