Avvalroq Toshkent shahridagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi yaqinidagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi qisman o‘pirilib tushgani haqida xabar berilgandi. Mazkur hodisadan so‘ng yo‘lning bir qismi vaqtincha yopildi. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda zarur texnik ishlarni amalga oshirish maqsadida Temur Malik ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasidan Sultoniya ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi barcha avtotransport vositalari harakati uchun vaqtincha yopilgan.

Shu bilan birga, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanmaydi. Biroq ushbu ko‘chadan Temur Malik ko‘chasiga tushish va chiqish yo‘llari vaqtincha yopiladi.
Mazkur cheklovlar ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangunga qadar amal qiladi. Haydovchilardan yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirish, vaqtincha o‘rnatilgan yo‘l belgilariga hamda mas’ul xizmatlar xodimlari ko‘rsatmalariga amal qilish so‘ralgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yo‘l o‘pirilishiga so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik, tuproqning haddan tashqari namlanishi hamda konstruksiyaga tushadigan yuklama ortishi sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifatini va drenaj tizimi holati ham tekshirilmoqda.






