Hindistonning Panjob shtati Zirakpur shahrida 10 mart kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda "Dunyo" agentligi xabar berdi.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, hodisa shaxsiy transport vositasi ishtirokida sodir bo‘lgan. Panjob shtatining vakolatli huquqni muhofaza qilish organlari aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Diplomatik vakolatxona marhumaning qarindoshlari bilan muntazam aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmokda. Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi yuzasidan olib borilayotgan tergov jarayoni ham nazoratga olingani bildirilgan.
Elchixona T.M. (ayol)ning yaqinlari va qarindoshlariga og‘ir judolik munosabati bilan hamdardlik bildirib, marhumaning jasadini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Diplomatik vakolatxona xorijdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa ekanini yana bir bor eslatib, Hindistonda murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga konsullik, huquqiy va boshqa yordamlarni tezkor ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladi.






