Qatar havo hududining yopilishi sabab u yerda qolib ketgan o‘zbekistonlik fuqarolarning so‘nggi guruhi vataniga qaytdi. Evakuatsiya jarayoni O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 13–14 mart kunlari 96 nafar fuqaro Doha shahridan Dubayga avtobus orqali borgan va u yerdan Toshkentga samolyotda uchib kelgan. Diplomatik missiya xodimlari avtobus xavfsizligini ta’minlash maqsadida uni chegaraqacha kuzatib borgan.
Ma’lum qilinishicha, evakuatsiya jarayonida Qatardan jami 548 nafar O‘zbekiston fuqarosi, jumladan sayyohlar, talabalar hamda vaqtincha ish faoliyati bilan kelgan shaxslar olib chiqilgan.
Evakuatsiya zarurati Qatar 28 fevral kuni Isroil, AQSh va Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar sabab havo hududini yopganidan so‘ng yuzaga kelgan. Natijada Hamad xalqaro aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan va taxminan 2000 ga yaqin reys bekor qilingan.






