AsosiyJamiyat

Turkiyada o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan qulab tushdi

Izmir shahrida 22 yoshli o‘zbekistonlik ayol ko‘p qavatli uynning to‘rtinchi qavatidan tushib ketib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.

'Turkiyada o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan qulab tushdi'ning rasmi

Turkiyaning Izmir shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 22 yoshli Sevora Hakimjonova ko‘p qavatli turar joy binosining to‘rtinchi qavatidan tushib ketdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Namangandan bo‘lgan ayol Izmirda yashab kelayotgan vaqtda mazkur hodisa yuz bergan. Hozirda u davlat shifoxonasida davolanmoqda bo‘lib, shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholamoqda.

Aniqlanishicha, u Turkiya fuqarosi bilan imom nikohi asosida turmush qurgan, ammo nikoh rasmiy ravishda qayd etilmagan. Nikoh marosimi Namangan viloyatining Chust tumanida o‘tkazilgani aytilmoqda. Keyinchalik ular Izmirga kelib, erkakning yaqin qarindoshlari bilan bir xonadonda yashab kelgan.

Ma’lum qilinishicha, turmush o‘rtog‘i ham Sevora Hakimjonova kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.

Hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoyiy ish qo‘zg‘atilib, barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. To‘plangan materiallar prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vaziyat nazoratga olinganini, ayolning salomatligi va tergov jarayonlari bo‘yicha turk tomoni bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar