AsosiyDUNYO

Kongoda Ebola xavfi ortib bormoqda

Ebola virusi tarqalishi oqibatida vafot etganlar soni 204 nafarga yetdi.

'Kongoda Ebola xavfi ortib bormoqda'ning rasmi

Mamlakat Aloqa va ommaviy axborot vositalari vazirligi maʼlum qilishicha, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi tarqalishi oqibatida vafot etganlar soni 204 nafarga yetdi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatning sharqiy hududlarida — Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida jami 867 ta gumonli kasallanish holati aniqlangan. Shulardan 91 tasi laboratoriya tekshiruvlari orqali tasdiqlangan.

Shuningdek, virus bilan bogʻliq kamida 10 ta oʻlim holati rasman qayd etilgani bildirildi.

Maʼlum qilinishicha, epidemiyaning asosiy oʻchogʻi Uganda bilan chegaradosh Ituri provinsiyasi boʻlib qolmoqda. Mutaxassislar virus aholi orasida bir necha hafta avval tarqala boshlagan boʻlishi mumkinligini aytmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ushbu vaziyatni xalqaro ahamiyatga ega sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda holat deb eʼlon qilgan.

Shu bilan birga, qoʻshni davlatlar — Uganda, Zambiya, Burundi, Tanzaniya va Ruandada ham epidemiyaga qarshi sanitariya va nazorat choralari kuchaytirildi.

Rossiya tomoni esa virus tarqalishining oldini olish boʻyicha xalqaro hamkorlik doirasida yordam koʻrsatishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Boshqa yangiliklar