Moskva o‘zining mahalliy ishlab chiqarilgan komponentlarini Eronning Shahed dronlarini yaxshiroq zarba bera olish imkoniyatini oshirish uchun taqdim qilmoqda. Oq uy esa bu yordam urushga hech qanday ta’sir qilmayotganini bildirgan. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Wall Street Journal'ning payshanba kuni xabar berishicha, Rossiya Eron bilan razvedka almashinuvi va harbiy hamkorlikni kengaytirib, Tehronga AQSh kuchlarini mintaqada nishonga olishda yordam berish uchun sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va takomillashgan dron texnologiyasini taqdim qilmoqda. Bu haqda nashrga masalaga yaqin manbalar ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, Moskva bu hamkorlik orqali urushni cho‘zish maqsadida Eronni qo‘llab-quvvatlamoqda, chunki urush Rossiyaga iqtisodiy va harbiy foyda keltiradi.
Xususan, urushning neft savdosiga ta’sir qilishi ortidan Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalar vaqtincha bekor qilingan edi.
Yevropa razvedkasining yuqori darajali xodimi Rossiya Eronni Shahed dronlarini modifikatsiya qilish uchun kerakli qismlar bilan ta’minlayotganini aytgan. Shu orqali dronlar yaxshilangan aloqa, navigatsiya va nishonga olish imkoniyatlariga ega bo‘lmoqda. Shahed dronlari aslida Eron tomonidan ishlab chiqarilishiga qaramay Rossiya o‘zining mahalliy versiyalarini ham yaratgan.
Wall Street Journal va Washington Post ilgari ham Rossiya Eronga AQSh kuchlari joylashuvi haqidagi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini berayotganini xabar qilgan. Yaqinda Wall Street Journal manbalari shunday hamkorlik yanada kuchayganini va bu Eronga mintaqadagi AQSh radar tizimlarini zarba berishga yordam berganini aytgan.
Kreml esa bu masala bo‘yicha izoh bermagan.






