Uzoq yillar davomida mustaqil siyosat va baliqchilik manfaatlarini himoya qilib kelgan mamlakat endi YI a'zoligi bo'yicha referendum o'tkazishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu jarayonga esa AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotlari turtki bo'lgani aytilmoqda.
Grenlandiya atrofidagi bayonotlar xavotir uyg'otdi
The Irish Times ma'lumotiga ko'ra, Islandiya aholisi va siyosiy doiralarida tashqi xavfsizlik masalasiga qiziqish keskin ortgan. Ayniqsa, Trampning Islandiyaning yaqin qo'shnisi bo'lgan Grenlandiya haqidagi bayonotlari mamlakatda jiddiy muhokamalarga sabab bo'ldi.
Islandiya bosh vaziri Kristrun Frostadouttir tashqi siyosat endilikda saylovchilar uchun asosiy mavzulardan biriga aylanganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, shu yozdayoq Yevropa Ittifoqi bilan a'zolik muzokaralarini boshlash bo'yicha referendum o'tkazilishi mumkin.
Armiyasiz NATO davlati xavfsizlik kafolatini izlamoqda
400 mingga yaqin aholi yashaydigan Islandiya dunyoda armiyasi mavjud bo'lmagan yagona NATO mamlakati hisoblanadi. Shu paytgacha mamlakat xavfsizlik borasida asosan AQShga tayanib kelgan.
Biroq Vashingtondan kelayotgan keskin va kutilmagan siyosiy signallar Reykyavikni yangi xavfsizlik mexanizmlarini izlashga undagan. Shu bois YI a'zoligi mamlakat uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik kafolat sifatida ham ko'rilmoqda.
Inflyatsiya va qimmatchilik ham YIga qiziqishni kuchaytirdi
Maqolada qayd etilishicha, mamlakatda inflyatsiya darajasi 5,2 foizga yetgan bo'lib, bu Yevropa Ittifoqi o'rtacha ko'rsatkichidan ancha yuqori.
Natijada oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan islandiyaliklar orasida mashhur bo'lgan xotdoglar narxi ham keskin oshib ketgan. Ayrim iqtisodchilar fikricha, YIga qo'shilish va yevro valyutasiga o'tish mamlakatda narxlar barqarorlashishiga yordam berishi mumkin.
Baliqchilik — asosiy bahs mavzusi
Shu bilan birga, Islandiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishidagi eng katta to'siq baliqchilik sohasi bo'lishi mumkin.
Mamlakat iqtisodiyotining muhim qismi aynan baliq ovlash bilan bog'liq. Mahalliy baliqchilar esa Yevropa Ittifoqining kvota va cheklovlari Islandiya manfaatlariga zarar yetkazishidan xavotirda.
Ayrim tahlilchilar fikricha, Bryussel Islandiyani o'z safiga jalb qilish uchun baliqchilik siyosatida muayyan yon bosishlarga tayyor bo'lishi mumkin.
Dastlabki ijtimoiy so'rovlar aholi fikri deyarli teng ikkiga bo'linganini ko'rsatmoqda. Shu bois kelgusi oylarda YI masalasi Islandiya siyosiy hayotining eng qizg'in mavzusiga aylanishi kutilmoqda.






