Rossiya agar Armaniston Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirsa,
gaz, neft mahsulotlari va ishlov berilmagan olmoslarni bojsiz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda “Kommersant” nashri Sergey Sivliv tomonidan Armaniston hukumatiga yuborilgan xatga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ogohlantiruv mazmunidagi hujjat 25 may kuni Yerevanga yuborilgan. Unda Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan harakatlari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka xavf tug‘dirayotgani ta’kidlangan.
2013 yilgi kelishuv xavf ostida
Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi mazkur kelishuv 2013 yil dekabrida imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra Moskva Yerevanga gaz, neft mahsulotlari va olmoslarni eksport bojlarisiz yetkazib berib kelayotgan edi.
Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarni uchinchi davlatlarga qayta eksport qilish taqiqlangan. “Kommersant”ning yozishicha, Moskva hozirgi geosiyosiy sharoitda bu tartibni saqlab qolishni “imkonsiz” deb hisoblamoqda.
Armaniston Rossiya yoqilg‘isiga qattiq qaram
Nashr mualliflari qayd etishicha, Armaniston deyarli to‘liq Rossiya gaziga bog‘langan. Mamlakat neft mahsulotlarining asosiy qismini ham Rossiyadan import qiladi.
Kelishuv bekor qilinsa, Armaniston Rossiya oldidagi moliyaviy majburiyatlarini saqlab qolishi mumkin. Xabarda aytilishicha, shartnomaga ko‘ra, kelishuv to‘xtatilgan taqdirda ham kompensatsiya yoki qarz majburiyatlari to‘liq bajarilguncha amal qiladi.
Rossiya Armaniston fuqarolari uchun imtiyozlarni ham bekor qilishi mumkin
26 may kuni Pyotr Tolstoy ham Armanistonga nisbatan keskin bayonot berdi.
Uning aytishicha, agar Armaniston Rossiyaning strategik ittifoqchisi maqomidan voz kechsa, arman fuqarolari uchun Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash va soddalashtirilgan tartibda ishlash imkoniyatlari bekor qilinishi mumkin.
“Agar Rossiya uzoqlashishni boshlasa, bu Armaniston uchun juda og‘ir oqibatlarga olib keladi”, — deb Tolstoyning so‘zlarini keltirgan “Interfaks”.
Moskva va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlar sovumoqda
So‘nggi oylarda ikki davlat munosabatlarida taranglik kuchayib bormoqda. May oyida Rossiya Armanistondan keladigan ayrim tovarlar, jumladan, vino, konyak, meva-sabzavot va gul mahsulotlariga cheklovlar joriy etgan edi.
Avvalroq Vladimir Putin ham Yerevan Yevropa Ittifoqi yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bo‘yicha aniq tanlov qilishi kerakligini bildirgandi. Uning ta’kidlashicha, shundan keyin Moskva ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha “tegishli xulosalar” chiqaradi.






