Bu haqda “Interfaks” agentligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, kelishuv Moskva viloyatida o'tkazilayotgan Xalqaro xavfsizlik forumi doirasida imzolangan. Hujjat Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu hamda “Tolibon” mudofaa vaziri Muhammad Yo'qub o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng tasdiqlangan.
Biroq tomonlar imzolangan shartnoma tafsilotlarini hozircha oshkor qilmagan.
Uchrashuv chog'ida Muhammad Yo'qub Moskva va Qobul o'rtasidagi munosabatlar kengayib borayotganini ta'kidlagan. Sergey Shoygu esa G'arb davlatlarini Afg'oniston aktivlarini muzlatishdan chiqarish va mamlakatni tiklashni moliyalashtirishga chaqirgan.
“Vajnıye istorii” nashri qayd etishicha, bunday kelishuvlar odatda qurol-yarog', harbiy texnologiyalar va litsenziyalar almashinuvini nazarda tutadi.
Sharqshunos Ruslan Suleymanov esa ushbu shartnomani ko'proq “ramziy qadam” deb baholagan. Uning fikricha, Rossiya va “Tolibon” o'rtasida yaqin vaqtda jiddiy harbiy ittifoq shakllanishi ehtimoli past.
“Rossiyaning ‘Tolibon’ga taklif qiladigan deyarli hech narsasi yo'q. Qobul uchun asosiy iqtisodiy sheriklar Xitoy, Eron va Pokiston hisoblanadi”, degan Suleymanov “The Insider” nashriga.
Uning qo'shimcha qilishicha, Rossiya Afg'onistonga harbiy mutaxassislar yuborishi yoki mahalliy mashg'ulotlar o'tkazishi mumkin.






