Shu doirada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yangi tizimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Milliy kutubxona faoliyatini raqamli transformatsiya qilish va interaktiv xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Asosiy e’tibor kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, sun’iy intellekt yordamida kitobxonlar ehtiyojlarini tahlil qilish, ularga mos tavsiyalar berish va axborot qidirish jarayonlarini tezlashtiruvchi dasturiy yechimlar ishlab chiqiladi. Bu esa foydalanuvchilar uchun zarur ma’lumotlarni topish va manbalardan foydalanish jarayonini ancha yengillashtirishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2027 yil 1 avgustga qadar axborot resurslarini keng ko‘lamda raqamlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida avtomatik tanib olish tizimlarini joriy etish, nashrlarni elektron kataloglashtirish va tasniflash jarayonlarini takomillashtirish ham nazarda tutilgan.
Qaror loyihasida interaktiv xizmatlar sonini ko‘paytirish, xalqaro axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish choralari ham belgilangan. Bu esa Milliy kutubxonani xalqaro axborot makoniga integratsiya qilishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Bundan tashqari, “Ma’rifat markazi” binosining bir qismini kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish uchun Milliy kutubxonaga ajratish taklif etilgan. Shu bilan birga, “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” formatida “Kitobxonlar xiyoboni”ni tashkil etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.






