Rossiya prezidenti Vladimir Putin qarish jarayonini sekinlashtirish va inson umrini uzaytirishga qaratilgan tadqiqotlarni davlatning ustuvor ilmiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada qiymati qariyb 26 milliard dollar bo‘lgan "Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari" dasturi amalga oshirilmoqda. U gen terapiyasi, a’zolarni yetishtirish va boshqa biotexnologik loyihalarni qamrab oladi.
Mualliflar hisob-kitobiga ko‘ra, dastur 2030 yilga qadar 175 ming nafar insonning hayotini uzaytirishga yordam berishi mumkin.
WSJ qayd etishicha, Putinning uzoq umr mavzusiga qiziqishi avvaldan ma’lum. Nashr buni uning jismoniy baquvvatlikka intilishi va Rossiyada inson umrini uzaytirishga qaratilgan ilmiy an’analar bilan bog‘laydi.
Dastur ishtirokchilari orasida Putinning qizi Mariya Vorontsova hamda "Kurchatov instituti" rahbari Mixail Kovalchuk bor.
Biroq maqolada ta’kidlanishicha, mazkur tadqiqotlar hozircha xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilgan natijalarni taqdim etmagan. Shu bilan birga, Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 68 yoshni tashkil etadi.






