O‘zbekistonda 2027–2030 yillar davomida beshta yangi sel-suv ombori barpo etiladi. Bu Prezidentning “Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, sel-suv omborlari Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida quriladi. Jumladan, Jizzax viloyati Baxmal tumanida Tangatopodisoy, Samarqand viloyati Urgut tumanida G‘ijduvonsoy va Choshtepasoy, Qo‘shrabot tumanida Oqtepasoy, shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Oqsoqotasoy sel-suv omborlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha natijasida Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar, Jizzax viloyatida esa 300 gektar yerning suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, Samarqandda 3,3 ming gektar, Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yer o‘zlashtiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha kichik suv zahiralarini yaratish imkoni mavjud bo‘lgan 60 ta hudud aniqlangan. Loyiha doirasida sel va toshqin suvlarini samarali yig‘ish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ayrim omborlar davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi. Xususan, Jizzaxdagi Tangatopodisoy va Toshkent viloyatidagi Oqsoqotasoy loyihalariga xususiy investorlar jalb etiladi.
Qarorga muvofiq, sel-suv omborlari atrofida turistik-rekreatsiya zonalari va baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etishga ham ruxsat beriladi. Infratuzilma obyektlari esa davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.






