O'zbekistonda temiryo'l sohasidagi asosiy muammo harakat tarkiblari yetishmasligi bo'lib qolmoqda. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 iyun kuni bo'lib o'tgan majlisida ma'lum qildi.
Vazirning aytishicha, bugungi kunda mavjud poyezdlar tarkibini to'ldirish uchun kamida 120 ta vagonga ehtiyoj bor. Shu bilan birga, ayrim yo'lovchi vagonlarining ma'nan eskirgani, sanitariya holati talab darajasida emasligi hamda yuqori tezlikdagi poyezdlarga talab yuqoriligi chipta tanqisligini keltirib chiqarmoqda.
"Tahlillarga ko'ra, temiryo'l chiptasi xarid qilish istagini bildirgan fuqarolarning kamida 30 foizi mavjud defitsit sababli chipta sotib olish imkoniyatiga ega emas", dedi Mahkamov.
Uning ta'kidlashicha, qo'shimcha poyezdlar qatnovini yo'lga qo'yishga mavjud temiryo'l infratuzilmasi ham to'liq imkoniyat bermaydi. Xususan, Toshkent – Samarqand yo'nalishi yuk va yo'lovchi poyezdlari harakati eng yuqori darajada tashkil etilgan uchastkalardan biri hisoblanadi. Shu sababli mazkur yo'nalishda qo'shimcha reyslar tashkil etishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Vazir ayrim hududlarda shahar atrofi poyezdlari harakati yo'lga qo'yilmaganini, temiryo'l vokzallaridagi servis xizmatlari sifati ham yetarli emasligini qayd etdi.
Majlisda deputatlar bayram va ta'til kunlarida transportga bo'lgan talab keskin oshishi oldindan ma'lum bo'lishiga qaramay, qo'shimcha vagon va reyslar yetarlicha tashkil etilmayotganiga e'tibor qaratib, vazirdan aniq yechimlar haqida so'radi.
Ilhom Mahkamovning bildirishicha, hayit bayramlari davrida barcha mavjud harakat tarkiblari hisobidan poyezdlar sig'imi 30 foizgacha oshiriladi. Biroq bu ham talabni to'liq qondirish uchun yetarli emas.
"Biz bor harakat tarkibimizni ishga solamiz, yo'g'ini qo'ya olmaymiz. Shuning uchun yangi vagon va poyezdlar xarid qilish bo'yicha keng ko'lamli dastur tasdiqlangan. Moliylashtirish manbalari ham belgilangan. Lekin harakat tarkiblari ko'payishi bilan bir vaqtda temiryo'llarning o'tkazuvchanlik qobiliyatini ham oshirish talab etiladi", dedi vazir.
Shuningdek, u onlayn chipta xarid qilish tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun texnik infratuzilma modernizatsiya qilinayotganini ma'lum qildi.
"O'zbekiston temiryo'llari" va "Yo'lovchi tashish" aksiyadorlik jamiyatlari server hamda boshqa texnik uskunalarni yangilash ishlarini olib bormoqda. Bu yil mazkur muammoni to'liq hal qilishni rejalashtiryapmiz", dedi Mahkamov.
Majlisda yil yakuniga qadar Buxoro – Urganch – Xiva yo'nalishida zamonaviy elektropoyezdlar qatnovini yo'lga qo'yish rejalashtirilgani ham ma'lum qilindi.






