O‘zbekistonda 1 iyuldan yangi obyektlarni loyihalash va qurishni bir vaqtning o‘zida olib borish amaliyoti bekor qilinadi. Bu Prezident farmonida belgilangan.
Prezident farmoniga muvofiq, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan ko‘p kvartirali uylarda qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur cheklov binolarning mustahkamligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan. Faqat inshootlarni mustahkamlashga qaratilgan ishlar bundan mustasno hisoblanadi.
Shuningdek, kafolat muddati davomida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etmagan quruvchi tashkilotlarning reyting ko‘rsatkichlari pasaytiriladi.
Farmon bilan yangi qurilayotgan binolar uchun ham ayrim yengilliklar nazarda tutilgan. Xususan, konstruksiya va xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatmaydigan o‘zgarishlarni amalga oshirishda qayta kelishish talab qilinmaydi.
Shuningdek, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida pudratchisi aniqlanadigan, shuningdek, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha (hozirda – 10,3 mlrd so‘m) bo‘lgan obyektlarning davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlarini ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Shu bilan birga, ayrim yangi qurilish obyektlarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy tartibda joriy etiladi.






