Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy adabiyot va madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adabiyotshunos olim, adib va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Ibrohim G‘afurov 6 iyun kuni 89 yoshida vafot etgani qayd etilgan. U 60 yildan ortiq davom etgan faoliyati davomida boy ilmiy va badiiy meros qoldirgani ta’kidlandi.
Shuningdek, marhum mamlakatning ijtimoiy-ma’naviy hayotida, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy adabiyot va san’atni rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgani qayd etildi.
“Zahmatkash olim, atoqli adib, yoshlarning mehribon ustazi, samimiy va kamtarin inson Ibrohim G‘afurovning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlikda.
Ibrohim G‘afurov davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bo‘lib, u “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni hamda “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi bo‘lgan.






