Bugun, 8 iyun kuni Filippinning janubidagi Mindanao oroli yaqinida 7,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, zilzilaning markazi General Santos shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, kuchli silkinishlar natijasida binolar va do‘konlarga zarar yetgani, ayrim hududlarda elektr va aloqa tarmoqlari uzilgani ma’lum qilindi.
Mahalliy hokimiyat aholini qirg‘oqbo‘yi hududlarini tark etib, balandroq joylarga ko‘chishga chaqirdi.
Mutaxassislar ayrim hududlarda 1–3 metr balandlikdagi sunami to‘lqinlari yuzaga kelishi mumkinligini bildirdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar borligi haqida xabarlar tekshirilmoqda. Qutqaruv xizmatlari zarar ko‘lamini baholash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, Filippin Tinch okeanidagi “Olov halqasi” hududida joylashgani sababli mamlakatda kuchli zilzilalar va vulqon faolligi tez-tez kuzatiladi.






