O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov hamda qozog'istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubaeva "Formula-1" bo'yicha Monako Gran-prisiga tashrif buyurdi. Bu haqda Asaubaeva o'zining Telegram-kanalida ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, 22 yoshli Bibisara Asaubaeva yaqinda Norvegiyaning Oslo shahrida o'tkazilgan nufuzli shaxmat turnirida g'olib chiqib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempionga aylangan. Shundan so'ng u Javohir Sindorov bilan birga Monte-Karloga yo'l olgan.
Asaubaeva ijtimoiy tarmoqda Monako shahri va poyga trassasidan olingan suratlar bilan o'rtoqlashgan. Uning ma'lum qilishicha, u musobaqa trassasi bo'ylab velosipedda sayr qilish imkoniga ega bo'lgan va poygada VIP mehmon sifatida qatnashgan.
"Men "Formula-1" poygasining so'nggi kunida ishtirok etdim. Bu juda qiziqarli bo'ldi. Shuningdek, Donald Trumpning o'g'li kabi ko'plab mashhur insonlarni ham ko'rdim", deb yozgan Asaubaeva.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Bibisara Asaubaeva va Javohir Sindorov o'rtasida yaqin munosabatlar borligi haqida turli taxminlar bildirilmoqda. Biroq shaxmatchilarning o'zi bu haqda hech qanday rasmiy bayonot bermagan.
Ma'lumot uchun, Javohir Sindorov yil oxirida jahon shaxmat toji uchun kurashadigan nomzodlar turniri ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. U Norvegiyadagi musobaqada qatnashmagan bo'lsa-da, Asaubaevani qo'llab-quvvatlash maqsadida Osloga borgani haqida xabarlar tarqalgan edi.






