AsosiySPORT

O'zbekiston terma jamoasi futbolchilariga qo'shimcha to'lovlar berilishi mumkin

Futbolchilar uchun mukofot pullari masalasi hali yakuniy hal etilmagan.

'O'zbekiston terma jamoasi futbolchilariga qo'shimcha to'lovlar berilishi mumkin'ning rasmi

O'zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilariga 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtirok uchun beriladigan bonus va qo'shimcha to'lovlar hozircha muhokama qilinmoqda. Bu haqda Rossiyaning "Vedomosti" nashri xabar berdi.

Nashr O'zbekiston milliy terma jamoasi haqida tayyorlagan maqolasida mamlakat tarixida ilk bor mundialga chiqqan jamoaning tayyorgarligi, muxlislar safari va moliyaviy masalalarga to'xtalgan.

Unda qayd etilishicha, futbolchilar uchun mukofot pullari masalasi hali yakuniy hal etilmagan.

"O'yinchilar uchun bonuslar va boshqa qo'shimcha to'lovlar hozir muhokama qilinmoqda. Bu hal qilinadigan masala. Ayni paytda asosiy e'tibor futbolchilarni qulay sharoitlar bilan ta'minlash va ularning o'yinlarga eng kam kuch sarflab yetib borishiga qaratilgan", — degan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakili nashrga.

Shuningdek, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi AQShdagi o'yinlarda mahalliy o'zbek diasporasi qo'llab-quvvatlashiga umid qilayotganini bildirgan. Assotsiatsiyaga ko'ra, logistika murakkabligi va safar xarajatlari yuqoriligi sababli O'zbekistondan katta muxlislar guruhi borishi kutilmayapti.

Maqolada terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham tilga olingan. Nashr suhbatlashgan rossiyalik skaut Nikolay Yegorichevning fikricha, italiyalik mutaxassis mundial oldidan qulay vaziyatda qolmoqda.

"Agar jamoa guruhdan chiqa olmasa, bu katta tanqidlarga sabab bo'lmaydi. Agar yaxshi natija qayd etsa, Kannavaro O'zbekistonga qahramon sifatida qaytishi mumkin", — degan u.

    Boshqa yangiliklar