AsosiyJAMIYAT

Falastinga yordam bahonasida pul jo‘natgan 8 nafar shaxs jazolandı

Sud hukmiga muvofiq, jinoyat ishida aybdor deb topilgan shaxslarning 7 nafari 3 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

'Falastinga yordam bahonasida pul jo‘natgan 8 nafar shaxs jazolandı'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi, 1987–1998 yillarda tug‘ilgan 8 nafar fuqaro Suriyadagi “G‘uroba katibasi” terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq shaxsga pul mablag‘lari o‘tkazib kelgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Usmonov ijtimoiy tarmoqlar orqali “Sa’d Muxtor” taxallusi bilan faoliyat yuritib, Falastinda jabr ko‘rgan musulmonlarga yordam ko‘rsatish bahonasida xayriya mablag‘lari yig‘gan. Ammo to‘plangan mablag‘lar aslida Suriyadagi terrorchilik tuzilmalari ehtiyojlari uchun sarflangani aniqlangan.

Sud hukmiga muvofiq, jinoyat ishida aybdor deb topilgan shaxslarning 7 nafari 3 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir shaxsga nisbatan 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-3-moddasiga muvofiq, terrorizmni moliyalashtirish jinoyati uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali xayriya chaqiriqlariga ishonmaslikka chaqirib, mablag‘ o‘tkazishdan oldin xayriya aksiyalarining qonuniyligi va manbasini tekshirish zarurligini ta’kidladi.

    Boshqa yangiliklar