Prezident Shavkat Mirziyoyevga navbatdagi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, so'nggi yillarda mazkur forum O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan yangi loyihalarni shakllantirish va ilgari surishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro maydonga aylangan.
Joriy yilning 16–18 iyun kunlari o'tkazilishi rejalashtirilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 mamlakatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon bor.
Forumda xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, xalqaro moliya institutlari, investitsiya jamg'armalari, yirik kompaniyalar hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etadi.
Taqdimotda forum dasturi haqida ham ma'lumot berilgan. Unga ko'ra, yalpi majlislar, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o'tkaziladi.
Shuningdek, O'zbekistonning investitsiya imkoniyatlariga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etiladi. Unda qishloq xo'jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun'iy intellekt va axborot texnologiyalari sohalaridagi loyihalar namoyish qilinishi rejalashtirilgan.
Forum doirasida Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham bo'lib o'tadi. Unda mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish va xalqaro investorlar uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish masalalari muhokama qilinadi.
Ma'lum qilinishicha, forum yakunida kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, energetika, ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish, transport-logistika, turizm va ta'lim sohalarini qamrab olgan yirik investitsiya kelishuvlari imzolanishi kutilmoqda.
Prezident forumni yuqori tashkiliy darajada o'tkazish, har bir tarmoq va hududning investitsiya salohiyatini aniq loyihalar orqali namoyon etish muhimligini ta'kidladi.
Shuningdek, mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil etish, imzolanadigan kelishuvlarning aniq ijro mexanizmlarini belgilash va ularning bajarilishini tizimli monitoring qilib borish bo'yicha topshiriqlar berildi.






