“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 9 iyun kuni Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli filiali Toshkent temir yo‘l masofasi korxonasi xodimi A’zam Ibrohimov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, u Sergeli tumani hududidan o‘tuvchi Qorasuv kanali atrofida ish olib borayotgan paytda suvda oqib ketayotgan va yordam so‘rab chaqiriq qilayotgan ikki nafar qizni ko‘rib qolgan. Shundan so‘ng temir yo‘l sozlovchisi zudlik bilan kanalga tushib, qizlardan birini suvdan olib chiqqan.
Uning tezkor va fidokorona harakati tufayli ehtimoliy fojianing oldi olingan.
Mazkur jasorati uchun A’zam Ibrohimov “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi hamda pul mukofoti bilan taqdirlangan.






