Senatning 13-iyundagi yalpi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilish to'g'risida”gi qonuni ma'qullandi.
Senat majlisida qayd etilishicha, amalda shovqinning zararli ta'sirini cheklashga qaratilgan sanitariya me'yorlari mavjud bo'lsa-da, qonunchilikda bu borada aniq talablar belgilanmagani sababli ularga to'liq rioya etilmayotgan edi.
Yangi qonun bilan aholini shovqinning zararli ta'siridan himoya qilishning umumiy qoidalari, davlat organlarining vakolatlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilab qo'yildi.
Hujjatda fuqarolarning osoyishtaligi va dam olishini buzadigan shovqin turlari, bunday harakatlarga yo'l qo'yilmaydigan vaqtlar hamda shovqin tufayli yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to'lash tartibi nazarda tutilgan.
Majlisda ta'kidlanishicha, yuqori darajadagi shovqin yurak-qon tomir kasalliklari va asab tizimiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Doimiy shovqin sharoitida insonning mehnat unumdorligi 10–30 foizgacha pasayishi kuzatiladi. Shuningdek, shovqin bolalar salomatligi va ta'lim sifatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Sanepidqo'm ma'lumotiga ko'ra, O'zbekistonda turar joy hududlari uchun shovqin me'yori kunduzi 45 detsibel, tungi vaqtda esa 35 detsibel etib belgilangan.
Shuningdek, shovqin tufayli sog'lig'iga zarar yetganini isbotlagan fuqarolar kompensatsiya talab qilish huquqiga ega bo'ladi. Kompensatsiya miqdori va uni to'lash tartibi keyinroq tasdiqlanadi.






