Turkiyaning mashhur seriallari orqali tanilgan aktrisa Eje Irtem vafot etdi. Bu haqda turk ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, aktrisaning o'limi uning tug'ilgan kuni nishonlanganidan bir kun o'tib sodir bo'lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, unga yurak xuruji sabab bo'lgan.
Xabarlarda qayd etilishicha, voqea sodir bo'lgan vaqtda aktrisaning onasi uyda bo'lgan. Biroq unga o'z vaqtida yordam ko'rsatishning imkoni bo'lmagan.
Eje Irtemning kutilmagan o'limi turk jamoatchiligi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo'ldi.
Ayrim nashrlar aktrisaning vafoti so'nggi oylarda Turkiya shou-biznesi atrofida yuzaga kelgan turli mojarolar fonida sodir bo'lganiga e'tibor qaratmoqda. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Eje Irtemga nisbatan biror jinoyat ishi yoki rasmiy gumon haqida ma'lumot berilmagan.
Hozircha aktrisaning o'limi yuzasidan rasmiy tekshiruv natijalari e'lon qilinmagan.






