Xavfsizlik arqoni bog‘lanmagan holda sakrashga ruxsat berilgan 21 yoshli qiz 40 metr balandlikdan qulashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda G1 telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 13 iyun kuni Limeyra shahri yaqinida joylashgan va "Skelet ko‘prigi" nomi bilan tanilgan Skeleton Bridge ko‘prigida sodir bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda qiz sakrash uchun o‘zini pastga tashlagan paytda xavfsizlik arqoni erda yotganini ko‘rish mumkin. Voqeadan so‘ng atrofdagilarning "Arqon, arqon!" degan baqiriqlari eshitiladi.
Fojiya ortidan attraksionni tashkil qilgan kompaniyaning uch nafar xodimi qo‘lga olindi. Ularga nisbatan ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘limiga sabab bo‘lish moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar hodisa qanday sodir bo‘lganini aniq tushuntirib bera olmagan. "Ularning boshi qotib qolgan. Chunki ular uzoq yillardan buyon roupe-jamping tadbirlarini tashkil qilib kelgan va bunday xatoga yo‘l qo‘yishni izohlay olmayapti", deydi tergovchilar.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeadan keyin gumonlanuvchilardan ikki nafari yaqin atrofdagi o‘rmon hududiga yashirinishga uringan. Agar ularning aybi sudda isbotlansa, 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Halok bo‘lgan qizning oila a’zolari aybdorlarga nisbatan qonunning eng qat’iy choralari qo‘llanilishini talab qilmoqda.
"U yosh, orzu-umidlarga to‘la edi. U o‘z hayotini professionallarga ishonib topshirgandi. Ammo ularning mas’uliyatsizligi qizimning kelajagini tortib oldi", deydi marhumaning otasi.






