O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Rustamjon Ashurmatov jamoadoshi, Abduqodir Husanov kelajakda jahon futbolining eng nufuzli sovrini — "Oltin to'p"ni qo'lga kiritishi mumkinligini aytdi. Ashurmatov bu haqda Rossiyaning "Sport-Ekspress" nashriga bergan intervyusida so'z yuritdi.
Uning ta’kidlashicha, Husanovning bugungi darajaga yetib kelgani u uchun kutilmagan holat emas.
"Husanovning o'sishidan hayratlanganim yo'q. Chunki men uni "Bunyodkor" asosiy jamoasida o'ynayotgan paytimdan bilaman, u esa akademiyada tahsil olardi. O'shanda uning kelajagi bunday bo'lishini tasavvur qilmaganman, ammo hozirgi natijalariga hayron emasman. Eng muhimi, uning salohiyati bundan ham yuqori. Men unga Angliyada, Yevropada va dunyodagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo'lishini tilayman", dedi Ashurmatov.
Tajribali himoyachiga ko'ra, Husanov hali o'z imkoniyatlarining to'liq cho'qqisiga chiqqan emas va kelajakda yanada yuqori natijalarga erishishi mumkin. Ashurmatov uning iqtidori va mehnatsevarligi jahon futbolidagi eng katta yutuqlar uchun ham yetarli ekanini ta'kidladi.






